Toshkent shahar Davlat mehnat inspeksiyasi Nest One binosini qurayotgan «Ozguvn mimarlik inshaat» va «Ozguven tasarim mimarlik insaat sanayi ve ticar» kompaniyalari jami 739 nafar ishchiga maoshini o‘z vaqtida bermaganini aniqladi. Avvalroq quruvchilar namoyish o‘tkazib, avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygandi. Seshanba kuni 2,3 mlrd so‘mdan ortiq ish haqi to‘lab berilishiga erishildi va inspeksiya har ikkala kompaniya rahbari Guven Mehmetraga yozma ko‘rsatma kiritdi.
«Bunyodkor» futbol klubi 393 nafar xodimlarining oktabr oyi uchun 1 mlrd 532 mln so‘mdan ko‘proq oyliklarini to‘lab berishni kechiktirgan. Klub ayni vaqtda homiysi hisoblangan «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan mablag‘lar ajratilayotganligini ma’lum qilgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi Bosh prokuratura ish vaqtida vafot etgan xodimi bo‘yicha Mehnat vazirligi va Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasiga tegishli tartibda xabar bermaganligini ma’lum qildi. Oldinroq marhum xodimning otasi qonunda belgilangan nafaqa pullari to‘lab berilmagani sababli Bosh prokuratura ustidan sudga murojaat qilgandi. Biroq, FIB Mirobod tuman sudi da’vo arizasini rad qilgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi 2020-yilda ishlab chiqarish jarayonlarida baxtsiz hodisalar 607 tani tashkil etganini, bu esa 2019-yilga nisbatan 107 taga ko‘pligini ma’lum qildi. Oqibatda 693 nafar xodim jabrlangan, shundan 201 nafari halok bo‘lgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi o‘tgan yili 40 mingdan ortiq holatda mehnat qonunchiligi buzilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 11 621 ta holatda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizlikka amal qilinmagan bo‘lsa, yana 4 301 ta holatda ish haqi vaqtida to‘lanmagan. Eng ko‘p qonunbuzilish xalq ta’limiga — 4 731 ta holatda rahbarlar tomonidan o‘qituvchi va boshqa xodimlarga nisbatan nohaqlik qilishga to‘g‘ri kelmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting